Xorijiy oliy ta’lim muassasalarda ta’lim

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 3 aprel kunida qabul qilingan 173-sonli qaroriga ko‘ra, dunyoning eng yaxshi 500 oliy ta’lim muassasasi (OTM) tomonidan berilgan diplom va hujjatlar hech qanday imtihonsiz (nostrifikatsiyasiz) qabul qilininadi. Shunday ekan, siz chet elda jahonning eng yaxshi 500 OTMda o‘qishingiz, ularni muvaffaqiyatli bitirgach esa, magistratura bosqichiga hech qanday qiyinchiliklarsiz kirib, o‘qishni davom ettirishingiz mumkin.

Xorijda o‘qishning foydali jihatlari talaygina. O‘sha davlat tilini oson o‘zlashtirish, xorijiy davlatlarga sayohat qilish, chet el madaniyati bilan yaqindan tanishish, dunyoqarashni kengaytirish, xorijdan do‘stlar orttirish - shular jumlasidandir.

Stipendiya nima uchun beriladi?

Jamg‘arma stipendiyalari muayyan muddatga har yili tasdiqlanadigan maqsadli dasturlar bo‘yicha ajratiladi (quyidagi jadvalga qarang).

Stipendiyalar tanlovdan o‘tgan shaxslarga quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:

stipendiatning chet el ta’lim va ilmiy muassasasida ta’lim olishi (malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi) uchun to‘lanadigan mablag‘;

stipendiatlarning viza olishlari;

stipendiatning ta’lim olish (malaka oshirish, stajirovka o‘tash) joyiga yetib borishi va qaytib kelishi uchun barcha turdagi transport xarajatlari (bir yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan holda);

stipendiatlarning ta’lim olishi (malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi) davrida turar joy va ovqatlanish xarajatlari;

Jamg‘arma Vasiylik kengashi qarori bo‘yicha stipendiatlarning ta’lim olishi (malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi) bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar.

Qanday stipendiat bo‘lish mumkin?

Saralash tanlovi haqida uni o‘tkazishdan bir oy oldin e’lon qilinadi. E’lon OAV, shuningdek, internet-nashrlar va Jamg‘armaning saytiga joylashtiriladi. Tanlovda ishtirok etish uchun Jamg‘arma qabul komissiyasiga tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha hujjatlar paketini topshirish zarur.

Chet elda magistratura va PhD dasturlari bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlarni saralash 2 bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich - darajalarni aniqlash uchun Jamg‘arma bazasida suhbat o‘tkazish:

chet tillarini bilish darajasi (oliy ta’lim va boshqa muassasalar mutaxassislarini jalb qilgan holda);

nomzodning 2017 — 2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish Harakatlar strategiyasining maqsadi, vazifalari, mazmun va mohiyatini hamda O‘zbekiston tarixini bilishi (Jamg‘armaning Vasiylik kengashi vakillari va mutaxassislar ishtirokida);

AKTlarini bilishi va ulardan foydalana olishi.

2-bosqich - 1 bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar orasida chet tilidagi (IELTS, TOEFL, TestDaf, GMAT, GRE va boshqa) bilim darajalarini, tahlil imkoniyatlarini baholash bo‘yicha test. Xalqaro sertifikatsiyalangan attestatsiya markazlari ishtirokida o‘tkaziladi.

Tanlov natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror u o‘tkazilgandan keyin bir oy muddat ichida e’lon qilinadi. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga stipendiat sertifikati taqdim qilinadi.

Magistratura yoki PhD dasturi bo‘yicha chet elda ta’lim olgan stipendiat, uni chet elda o‘qishga tavsiya etgan oliy ta’lim yoki ilmiy muassasada yoxud vazirlik, idora yoki boshqa davlat tashkilotida egallagan mutaxassisligi bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda uzluksiz ishlab berishi shart.

O‘z mutaxassislarini chet elda malaka oshirish va stajirovka o‘tashga yuboradigan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar nomzodlarning dastlabki tanlovini o‘tkazadi. Uning natijalari bo‘yicha Jamg‘arma qabul komissiyasiga tavsiya etiladigan nomzodlarning hujjatlari taqdim etiladi.

Saralash Jamg‘armada nomzodlarning malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlari bo‘yicha suhbat o‘tkazish tarzida o‘tkaziladi. Zarur bo‘lgan hollarda imtihon yoki test sinovlari o‘tkaziladi. Saralash tanlovi natijalari bo‘yicha qabul qilingan qaror bir oy muddat ichida e’lon qilinadi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga stipendiat guvohnomasi taqdim etiladi.

Chet elda malaka oshirib yoki stajirovka o‘tab kelgan mutaxassis uni tavsiya etgan muassasada 3 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida ishlab berishi shart.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit